Ushbu maʼlumotlarni tayyorlashdan koʻzlangan asosiy maqsad quyidagilardan iborat:
Isteʼmol mahsulotlarini sertifikatlashtirish tizimlarini takomillashtirish, isteʼmolchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularni sifatli, inson hayoti, sogʻligi va atrof-muhit uchun xavfsiz mahsulotlar bilan taʼminlash;
Mahsulotning tashqi bozorlarda raqobatbardoshliligini taʼminlash va ichki ishlab chiqaruvchilar va importyorlar uchun teng sharoitlar yaratish;
Mahalliy va qoʻshma korxonalar, tadbirkorlarga xalqaro iqtisodiy hamkorlik va xalqaro savdoda ishtirok etishlari uchun teng sharoitlar yaratish;
Isteʼmolchilar manfaatlarini ishlab chiqaruvchilar(sotuvchilar, ijrochilar)ning nojoiz harakatlaridan himoya qilish;
Mahsulotni davlat tilida tamgʻalash boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida” gi qonuni 6-moddasiga muvofiq ishlab chiqaruvchi(sotuvchi, ijrochi) isteʼmolchiga sotilayotgan(koʻrsatilayotgan) mahsulot(ish, xizmat) toʻgʻrisidagi zarur, ishonchli va tushunarli axborotni oʻz vaqtida taqdim etishi kerak
Bunda muammo shundaki, mahalliy isteʼmolchilar (ayniqsa joylarda) koʻpchilik hollarda xorijiy tillarni bilmaydilar. Mahsulotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni notoʻgʻri talqin qilish zarur isteʼmol tavsiflariga ega boʻlmagan mahsulot(ish, xizmat) xarid qilinishi, olingan mahsulot(ish, xizmat)ni belgilangan maqsadda foydalanilmasligi, isteʼmolchining hayoti, sogʻligi yoki mulkiga zarar yetkazilishiga olib kelishi mumkin.
U yoki bu qoʻshimchalarning qoʻllanishi(isteʼmoli) man qilingan kishilar guruhi, masalan, allergiklar hamisha mavjud boʻladi.
Mahsulot toʻgʻrisidagi axborot tushirilgan oʻzi yelimlanadigan yorliqlar mahsulot respublikaga keltirilgandan keyin dillerlar tomonidan yopishtiriladi va hamisha ham ishonchli va ishlab chiqaruvchi axboroti bilan bir xil boʻlmasligi mumkin. Natijada ishlab chiqaruvchi davlat tilida tushirilgan axborot uchun masʼuliyatni zimmasiga olmaydi.
Mahsulotlarning “Halol”, “Organik”, “BIO”, “EKO”, “Ekologik toza mahsulot”, “GMOsiz” va boshqa shu kabi axborotlar bilan tamgʻalanishi isteʼmolchilarni oʻziga jalb qilishi bois,ishlab chiqaruvchilar tegishli talablarga muvofiqlikni tasdiqlash tadbirlarini bajarmasdan turib ushbu axborotlarni tushiradilar va foyda oladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq isteʼmolchilar mahsulotni xarid qilishda uning ishlab chiqaruvchisi, standarti va asosiy isteʼmol xususiyatlarini bilish, oziq-ovqat mahsuloti misolida esa ularning tarkibi, kaloriyasi va sogʻlik uchun zararli moddalar ulushi hamda ushbu mahsulotlarning maʼlum kasalliklarda isteʼmol qilish man qilinganligini bilish huquqiga egadirlar. Vaqt oʻtishi bilan isteʼmol xususiyatlari yomonlashadigan mahsulotlarda yaroqlilik muddati va ishlab chiqarilgan sanasi koʻrsatilishi kerak.
Servis markazlari mavjudligi boʻyicha
Aholi kundalik hayotda har kuni koʻp sonli maishiy elektr uskunalari (fendan tortib konditsionergacha)dan foydalanadi.Ushbu turdagi mahsulotlarga ehtiyoj katta, chunki ular aholining vaqtini tejab, maʼlum ishlarni bajarishda anchayin qulayliklar tugʻdiradi.
Shu bilan birga foydalanish jarayonida ular buzilib turadi va oʻz navbatida ularni taʼmirlash va/yoki texnik xizmat koʻrsatish masalasi koʻndalang boʻladi!
Respublikada maishiy elektr uskunalari ishlab chiqarish rivojlanmoqda. Artel bilan bir qatorda Samsung, Roison, Shivaki Rocco (Qoʻqon shahrida), Vista, Konig va boshqa rusumlar mavjud. Qashqadaryo viloyatida S-Mart rusumli televizorlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmoqda.
Isteʼmolchi maishiy tusdagi elektr uskunalarini sotib olar ekan, ishonchli servis xizmati bilan taʼminlangan boʻlishi kerak. (Nukusyoki Xiva shahrida televizor yoki sovutkich xarid qilgan isteʼmolchi, ular buzilib qolganda taʼmirlash uchun Toshkentga keltirishi zarur boʻladi. Transport xarajatlarini qoʻshib hisoblaganda, yangisini olib qoʻygan maʼqul boʻlmaydimi, degansavol tugʻiladi).
Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT)ning 1985-yilda tasdiqlangan prinsiplariga muvofiq isteʼmolchi quyidagi huquqlarga ega:
Mahsulot(xizmat)larning xavfsizligi va ishlab chiqaruvchi(sotuvchi) taqdimotiga aniq mos ravishda ishlashi;
Mahsulot(xizmat)larning oʻrnatilgan “xizmat muddati”da sifatli boʻlishi va ushbu mahsulotning ishchi holatda saqlanish kafolati;
Aosiy ehtiyojlarni qondirish, hozirgi va kelajak avlodlarning sogʻlomva munosib hayotiga xavf tugʻdirmaydigan sogʻlom atrof-muhit kafolati.
Elektrotexnik uskunalar ishlab chiqaruvchi yetakchi dunyoviy rusumlar (Samsung, LG, Siemens, Bosch, Hitachi, Panasonic, Sony), isteʼmolchi talabiga moslashib va oʻz rusumini qadrlagan holda aholini taʼmirlash(almashtirish, texnik xizmat koʻrsatish) boʻyicha servis xizmatlari bilan taʼminlash borasida sharoitlar yaratadilar.
Hozirgi kunda respublikada Samsung, LG, Siemens, Bosch, Artel kabirusumlarning elektrotexnik uskunalarga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha servis markazlari ishlab turibdi.
Isteʼmolda boʻlgan mahsulot boʻyicha
Yangi mahsulotni sertifikatlashtirish, mahsulot toʻpidan namuna tanlash orqali amalga oshiriladi. Mahsulot toʻpidan namunalar tanlangandan soʻng sinovlar oʻtkaziladi. Sinovlarda ijobiy natijalar olinganda mahsulotning butun toʻpi belgilangan normalargamuvofiqligi tasdiqlanadi, salbiy atijalar olinganda mahsulotning butun toʻpi yaroqsiz deb topiladi.
Isteʼmolda boʻlgan mahsulotni esa toʻpi boʻyicha bir xil baholash mumkin emas vaularning foydalanish resursi har xil boʻlib, ulardan maqsadli foydalanish xavfsiz emasligi (shinalar – yoʻl qoplamasi bilan yomon tutashuvi, yoqilgʻining ortiqcha sarfi, ichki nuqsonlari; elektrotexnik mahsulotlar – tok urishi, oddiy koʻrikdanoʻtkazishda aniqlab boʻlmaydigan ichki nuqsonlari; gazlama mahsulotlari – xavfli kimyoviy yoki biologik moddalar yoki kasalliklarning mavjudligi va boshqalar) oqibatida har bir namunani sinovdan oʻtkazish zarur boʻladi.
Masalan gazlama mahsuloti(sekond-xend) doʻkon rastasiga tushishidan oldin dezinfeksiyadan oʻtkaziladi. Ishlov zaharli modda – oddiygina nafas olish orqali ham organizmga kirishi mumkin boʻlgan formaldegid bilan oʻtkaziladi. Sekond-xendda biroz muddat boʻlishning oʻzigina qandaydir surunkali kasalliklar qoʻzgʻalishi, astma(damqisma) paydo boʻlishi mumkin. Formaldegidning xavfi shundaki, u reproduktiv tizim, genetik material, markaziy asab tizimiga salbiy taʼsir qiladi, nafas olish yoʻllari, teri qoplami va koʻzlarni shikastlaydi.Bundan tashqari formaldegid saraton chaqirishi mumkin.
Elektrotexnika sanoati mahsulotlari, ehtiyot qismlar, shu jumladan shinalar oʻzining foydalanish resurslariga ega boʻlib, uzoq muddat ishlatilganda atrof-muhitga, inson sogʻligi va mulkiga salbiy taʼsir qiladi. Qator Afrika mamlakatlarida xavfsizlik nuqtai-nazaridan kiyilgan kiyim-kechak hamda ishlatilgan ehtiyot qismlar olib kiritilishi man qilingan.
Koʻpchilik yirik avtoishlab chiqaruvchilar yangi modellarni loyihalash chogʻidanoq ularning konstruksiyasiga utilizatsiya normalari talablarini kiritishadi. Masalan, BMWda qariyb 95% materiallar qayta ishlanadi. Yogʻ, antifriz, benzin qayta ishlanadi yoki kompaniyaning issiqlik elektromarkazi(TES)ga yoqilgʻi sifatida joʻnatiladi. Turlariga qarab saralangan material va detallar maydalanadi va presslanib qayta eritiladi, boʻlaklarga ajratilishi koʻp vaqt va mehnat talab qiladigan mayda plastik detallar yoqilgʻiga joʻnatiladi. Ularning Daimlerdagi hamkasblari takroranqayta ishlatilishi mumkin boʻlgan barcha detallarga maxsus belgi va foydalaniladigan xom ashyo turi kod raqamini tamgʻalashadi.
2019-yilda XXRdan keltirilgan 500 mln.sumlik shinalar yaroqsiz deb topilgan.
Sifatsiz mahsulot boʻyicha
Respublikaga oʻrnatilgan normalar talablariga nomuvofiq boʻlgan sifatsiz va qalbaki mahsulotlar olib kirilish holari uchramoqda. Faqatgina 2017-2018-yillar mobaynida jismoniy va yuridik shaxslardan “Oʻzstandart” agentligiga 277 ta, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga esa 3 mingdan ortiq mahsulot sifatiga eʼtiroz bildirilgan murojaatlar boʻlgan.
2018-yilda mahsulotlarni sertifikatlashtirish jarayonida dori vositalaridan tashqari 52,5 mlrd. soʻmlik xorijiy mahsulotlarning texnik reglamentlar va standartlarning majburiytalablariga nomuvofiqligi aniqlangan (ularning koʻpchiligi XXRda ishlab chiqarilgan elektrotexnik va mashinasozlik mahsulotlari, XXR va Rossiyada ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari va boshqalar).
2018-yil boshida mahsulotlari tarkibida salmonella topilgan fransuz konserni Lactalis atrofidagi mojarolar bilan bogʻliq holda 83 ta mamlakatda 12 mln.dan ortiqquti bolalar aralashmasi chaqirib olindi.
2019-yilning 8 oyida import mahsulotlarni sertifikatlashtirish jarayonida 14 ta turdagi 2,9 mlrd. soʻmlik mahsulot oʻrnatilgan normalarga nomuvofiq ekanligi aniqlandi.
Konservalangan noʻxat – 320 mln.soʻm, nok sharbati – 147 mln.soʻm, avtomobil shinalari – 500 mln.soʻm (hammasi XXR), palma yogʻi – 692 mln.soʻm (500 mln.-Qozogʻiston va 192 mln. Malayziya), kungaboqar yogʻi – 376 mln.soʻm (Rossiya), gaz ballonlar – 148 mln.soʻm (Armaniston) va boshqalar.
BSST maʼlumotlariga koʻra rivojlangan mamlakatlardahar yili qariyb 30% aholi oziq-ovqatdan zaharlanish bilan bogʻliq dardlarga duchor boʻlishadi. AQSHda esa har yili 76 million holatda oziq-ovqat bilan bogʻliq kasalliklar roʻyxatga olinib, 325 ming holatda kasalxonaga yotqizilishga, 5 ming holatda oʻlimga olib kelmoqda.
Shuni taʼkidlash kerakki, mahsulotni sertifikatlashtirishga amalda belgilangan 3 kunlik muddat import mahsulotlarni barcha koʻrsatkichlar boʻyicha toʻliq sinovlardan oʻtkazishga imkon bermaydi.
Baʼzi turdagi oziq-ovqat mahsulotlari(goʻsht konservalari, sut va konditermahsulotlari)ni toʻlaqonli sinovlardan oʻtkazish uchun 6 kun, qurilish materiallari(sement, gʻisht, temir-beton buyumlari, shagʻal) uchun 30 kun, elektrotexnika mahsulot(akkumulyator, kabellar)lari uchun 25 kun, yengil sanoat mahsulotlari uchun 9-13 kun zarur boʻladi.
2018-yilda savdo nuqtalarida sotiladigan import va mahalliy bolalar oʻyinchoqlari, bolalar poyafzali, quyultirilgan sut, pishloq, kolbasalar va muzqaymoq namunalari oʻtkazilgan toʻlaqonli sinovlar davomida oʻrnatilgan talablarga nomuvofiq ekanligi aniqlandi.
Maʼlumot uchun:oʻtkazilgan sinovlar natijalariga koʻra bolalar oʻyinchoqlari va poyafzali formaldegid(0,031 mg/m3– oʻrnatilgan normadan 10-marta koʻp) ulushi boʻyicha nomuvofiqligi aniqlandi. Poyafzal namunalari “tagcharmining mahkamlanishi puxtaligi” va “poyafzalning egiluvchanligi” koʻrsatkichi boʻyicha normalarga mos kelmadi, poyafzalning tagligi sintetik materialdan tayyorlangan boʻlib, oʻrnatilgan normalarga mos kelmaydi va teri va ortopedik kasalliklarga olib keladi. Quyiltirilgan sutda qand kristallarining yoʻl qoʻyilgan normalari oshirib yuborilgan va yuqumli kasalliklar chaqiradigan ichak tayoqchalari aniqlangan.
Kolbasa mahsulotlarida kraxmalning oshirib yuborilganligi hamda trans-moylar va dumba yogʻi oʻrniga ishlatiladigan suniy yogʻlar mavjudligi aniqlangan.
2019-yilda bolalar oʻyinchoqlari(XXRda ishlab chiqarilgan), sirka(Rossiyada ishlab chiqarilgan), tomat ketchupi(Qirgʻizistonda ishlab chiqarilgan), “Borjomi” mineral suvi(Gruziyada ishlab chiqarilgan), tovuq sosiskalari(Kanadada ishlab chiqarilgan)ning normativ hujjatlarga nomuvofiq ekanligi aniqlandi.
Hindiston, XXR da ishlab chiqarilgan gazlama mahsulotlaridan namunalar tanlanib sinovlar oʻtkazildi, ularning natijalariga koʻra tanlangan namunalar mos ravishda 1 va 3 koʻrsatkichlar boʻyicha nomuvofiq ekanligi aniqlandi.
“Borjomi” mineral suvi “mineralizatsiya (K, Na)” va «permanganat oksidlanishi» koʻrsatkichlari boʻyicha standart talablariga javob bermaydi.
Qozogʻiston Respublikasidan keltirilgan palma yogʻi ikki koʻrsatkich(nikel ulushining 2-marta, transmoylarning 4,5-marta koʻpligi) boʻyicha nomuvofiq.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-sentyabrdagi UP-5817-sonli Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurash qoʻmitasi huzurida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tashkil qilinib, unga isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish va davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish hamda reklama bozorini tartibga solish yuklatilgan boʻlib “Oʻzstandart” agentligi ham ushbu agentlik bilan hamkorlik qiladi.
Shuningdek, “Oʻzstandart” agentligi tomonidan mamlakatimizga chetdan import qilinayotganmahsulotlarning sifatli boʻlishini taʼminlash maqsadida mahsulot muvofiqligini bojxona postiga kelguniga qadar baholash tartibini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.