DIQQAT: SIFATSIZ MAHSULOT

Jahonda bir tomondan globallashuv jarayonlari kuzatilayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan ichki bozor, milliy iqtisodiyotni himoya qilishga boʻlgan intilish ham kuchayib bormoqda. Globallashuv albatta raqobatni kuchaytirar ekan, oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi, bu maydonda hamma ham sofdil, toza faoliyat yuritayaptimi? Bozorga chiqarilayotgan mahsulotlar hamisha ham inson hayoti, atrof-muhit xavfsizligi talablariga javob beradimi? Quyida YEI(Yevropa Ittifoqi)da isteʼmol mollarining xavfsizligini taʼminlash tizimlari toʻgʻrisida hikoya qilamiz. Kelgusida esa, Siz aziz mushtariylarimizni ushbu tizimlarga kiritilgan xavfli mahsulotlar toʻgʻrisidagi axborotlar bilan muntazam tanishtirib borish niyatimiz ham yoʻq emas. Shu maqsadda saytimizda DIQQAT: SIFATSIZ MAHSULOT rukni ochib, dunyo va mamlakatimiz bozorlarida aniqlangan sifatsiz, xavfli mahsulotlar toʻgʻrisida axborotlar joylashtirib borish maqsadga muvofiq boʻladi, deb hisoblaymiz.

Chunki bugungi globallashuv, davrida, vatandoshlarimiz dunyoning istalgan mamlakatida boʻlishi, u yerlardan oilasiga, bolalariga turli tuman sovgʻa salomlar bilan qaytishi tabiiy hol boʻlgan bir vaqtda, ushbu tizimlarga kiritilgan axborotlardan xabardor boʻlishi foydadan xoli boʻlmaydi, deb oʻylaymiz.

YEIda oziq-ovqat mahsulotlari va ozuqalar xavfsizligi RASFF tizimi orqali nazorat qilinadi.

YEI oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi boʻyicha jahonda eng yuqori standartlarga ega hudud sanaladi. RASFF – Oziq-ovqat mahsulotlari va ozuqalar xavfsizligi toʻgʻrisida tezkor ogohlantirish tizimi – ozuqaviy zanjirda jamiyat sogʻligi uchun xatar aniqlanganda tezkor chora koʻrilishini taʼminlaydigan axborot oqimining asosiy boʻgʻinidir.

RASFF 1979-yilda tashkil etilgan boʻlib, YEI aʼzolarining oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi boʻyicha milliy organlari oʻrtasida tezkor axborot almashinuvini taʼminlaydi va kunu-tun davomida uzluksiz faoliyat koʻrsatadi. Bunda YEI aʼzo davlatlarining birida sifatsiz va xatarli mahsulot aniqlansa, tezkor ravishda RASFFga joylashtiriladi va butun ittifoq bozorlarida unga qarshi choralar koʻriladi va natijada oziq-ovqat mahsulotlari uchun koʻpgina xatarlar oldi olinib, yevropa isteʼmolchilari himoya qilinadi.

RASFF orqali almashinadigan muhim xabarlar mahsulotlarning bozordan chaqirib olinishi yoki kiritilmasligiga olib kelishi mumkin. Oʻtgan yillar davomida shakllangan bu ishonchli tizim YEI va hamkor mamlakatlarda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlashda oʻzining beqiyosligini koʻrsatib kelmoqda.

RASFFning yillik hisobotlari uning faoliyati toʻgʻrisida batafsil maʼlumot beradi. Hisobotda aʼzo davlatlar maʼlumotlari tahlil qilinadi, umumlashtiriladi va oziq-ovqat turlari hamda aniqlangan xatarlar toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etiladi.

RASFFning yillik hisobotlari, tezkor xabarlar, oʻtmishda berilgan axborotlar uning portalida joylashtiriladi. Portal isteʼmolchilar uchun ochiq boʻlib, YEI mamlakatlarini oziq-ovqat mahsulotlari tugʻdirayotgan xatarlar toʻgʻrisidagi tezkor ogohlantiradi. Natijada barcha aʼzo mamlakatlarda ushbu mahsulot bozorlardan olinadi yoki kiritilmaydi.

Demak, RASFF oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash uchun kurashar ekan, boshqa mahsulotlar xavfsizligi uchun ham masʼul bormi?, — degan savol tugʻilishi tabiiy. Ha, bor. Oziq-ovqat va farmatsevtika mahsulotlari, kimyoviy moddalardan tashqari barcha isteʼmol mollari xavfsizligi RAPEX tizimi orqali nazorat qilinadi.

RAPEX tizimi xavfli mahsulotlar toʻgʻrisida tegishli organlarga tezkor axborot joʻnatadi. xavfli mahsulot toʻgʻrisidagi axborot shuningdek Yevropa Ittifoqining maxsus internet portali (www.ec.europa.eu) ga ham joylashtiriladi. Haftaning har juma kuni Yevrora hayʼati xavfli mahsulotlar toʻgʻrisida haftalik umumlashmalarni ham ushbu portalda eʼlon qiladi. Bu maʼlumotlar milliy sifat nazorati organlari, sanitariya xizmatlari va boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan taqdim etiladi. Ushbu hisobotlarda mahsulot toʻgʻrisida batafsil maʼlumot, uning xatarlilik mezoni va koʻrilgan choralar oʻz aksini topadi.

Agar mahsulot xavfliligi tan olinsa, vakolatli milliy organ ushbu xatarni istisno qilish borasida mos qaror qabul qiladi. Bunda ushbu mahsulot savdodan olinishi, isteʼmolchidan chaqirib olinishi yoki matbuotda ogohlantirish chop etilishi mumkin. Milliy organ ushbu mahsulot va koʻrilgan choralar toʻgʻrisida YEIga xabar beradi. Ushbu choralar xatarning oldini olish maqsadida barcha YEI mamlakatlarida ham qoʻllaniladi.

Оставьте комментарий