Sharbatlar xavfsizligi taʼminlanadi

Serquyosh oʻlkamizda yetishtiriladigan meva, sabzavotlar oʻzining sarxilligi, turli darmondorilarga boyligi bilan ajralib turadi. Ulardan ishlab chiqariladigan xilma-xil sharbatlar dovrugʻi ham uzoq-uzoqlarda maʼlum. Ushbu sharbatlar mamlakatimizning deyarli har bir hududida ishlab chiqariladi va koʻplab xorij davlatlariga eksport qilinadi. Ularning sifati va xavfsizligiga umumiy, jahon standartlari bilan uygʻunlashgan talablarni oʻrnatish maqsadida ishlab chiqilgan “Meva va sabzavotlardan olingan sharbat mahsulotlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi umumiy texnik reglament tasdiqlandi. Vazirlar Mahkamasining 2020-yili 4-martdagi 119–sonli qarori bilan tasdiqlangan ushbu texnik reglament 18 oydan keyin kuchga kiradi.

Texnik reglament Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining TR YEAES 023/2011 reglamenti va BMTning CODEX STAN 247-2005 standarti hamda Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan tegishli normativ xujjatlar asosida ishlab chiqilgan boʻlib, sharbatlar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan barcha talablarni oʻz ichiga oladi.

Bundan tashqari texnik reglamentda meva va sabzavotlardan olinadigan sharbat mahsulotlarining tasnifi, sharbatga qoʻshilishi mumkin boʻlgan ingrediyentlar normalari ham kiritilgan.

Texnik reglament mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotning xalqaro normalarga muvofiq boʻlishi va eksport salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Оставьте комментарий