Rossiyada tekshiruvlar qanday olib boriladi?

Maʼlumki, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining anchayin qismi Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinadi. Soʻnggi yillarda ikki davlat rahbarlari, gubernator va hokimlar ham oʻzaro uchrashishib, bu sohadagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da chuqurlashtirishga intilishmoqda.

Shu bois quyida aziz mushtariylarimizga Rossiya Federatsiyasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sifati va xavfsizligi nazorati qanday olib borilishi toʻgʻrisidagi maqolani oʻrtoqlashishni lozim topdik. Ushbu maqolada keltirilgan maʼlumotlar Rossiya bozorida savdo qilishga qaror qilgan tadbirkorlarimiz uchun albatta foydadan xoli boʻlmaydi, deb oʻylaymiz.

RFda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sifati va xavfsizligi nazorati ikkita tashkilot – Rossiya veterinariya va fitosanitariya nazorati boʻyicha federal organ (“Rosselxoznadzor”) va Rossiya inson salomatligi va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish doirasida federal nazorat organi (“Rospotrebnadzor”) tomonidan amalga oshiriladi.

Ular nimalarni tekshirishadi?, Bir-biridan qanday farqlanadi?, quyida shu haqda mulohaza yuritamiz.

“Rosselxoznadzor”tomonidan qishloq xoʻjaligida ishlab chiqariladigan va ishlov berilmagan barcha mahsulotlar nazorat qilinadi.

Masalan:

  1. Goʻsht, kalla-pocha, ichak chavogʻi bilan;
  2. Xom sut mahsulotlari;
  3. Tuxum;
  4. Asalarichilik mahsulotlari;
  5. Meva-sabzavot va don-dun;

Biroq tekshirish koʻpchilik davlat inspeksiyalaridagidek, dastlab hujjatlarni oʻrganishdan boshlanadi:

  1. Kirishdagi peshlavha;
  2. Isteʼmolchi burchagi;
  3. Narxlarning toʻgʻri rasmiylashtirilishi;
  4. Isteʼmolchilar uchun mahsulot ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchisi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni erkin olish imkoniyati;
  5. Binoning egalik yoki ijara huquqi hujjatlari;
  6. Xodimlarning sanitariya daftarchasi mavjudligi va tabbiy koʻrikdan oʻtganligi;
  7. Sanitariya xulosalari;
  8. Mahsulot sotishga litsenziyalar;
  9. Mahsulot turiga bogʻliq boshqa hujjatlar.

Rospotrebnadzor” bilan farqi

“Rosselxoznadzor”ning vazifa va funksiyalarini koʻpincha “Rospotrebnadzor” bilan adashtirishadi. Har ikkala idora oziq-ovqat mahsulotlari bilan bogʻliq korxonalar faoliyatini nazorat qilishsada, ular faoliyati bir-biridan farq qiladi? Jadvalga eʼtibor qaratamiz :

RosselxoznadzorRospotrebnadzor
Toʻliq rasmiy nomiFederalnaya slujba po veterinarnomu i fitosanitarnomu nadzoruFederalnaya slujba po nadzoru v sfere zaщitы prav potrebiteley i blagopoluchiya cheloveka
Nimani tekshiradiHech qanday ishlov berilmagan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariIshlov berilgan mahsulot(masalan, termik ishlov), isteʼmolchi huquqlari himoyasi, sanitariya holati
Kimga boʻysunadiQishloq xoʻjaligi vazirligiRF hukumati
Rejali tekshiruvlar davriyligiHar 3 yilda

Bu ikki idora vazifalari taqsimoti RF hukumatining 2009-yil 14-dekabrdagi №1009-son qarorida batafsil yoritilgan. Agar tekshiruvchi oʻz vakolatlari doirasida ishlayotganligiga shubha tugʻilsa, ushbu hujjatga tayanish lozim boʻladi.

“Rosselxoznadzor”ning rejali va rejadan tashqari tekshiruvlari

Rejali tekshirishlar kamida uch yilda bir marta oʻtkaziladi va odatda goʻsht, tuxum, sut va asal kabi mahsulotlarda oʻtkaziladi.

Rejadan tashqari tekshirishlar korxona(ferma yoki doʻkon)da sifati talabga javob bermaydigan mahsulot mavjudligi toʻgʻrisida tegishli maʼlumot tushsa, oʻtkazilishi mumkin. Rejadan tashqari tekshiruvlar aholi yoki huquqiy shaxsdan tushgan shikoyatlar yoki matbuotda chiqqan axborotlar negizida tashkil etilishi mumkin. Agar isteʼmolchi zaharlanishi yoki hayotiga xavf tugʻilganligi toʻgʻrisida xabar olinsa, tekshirish oʻsha zahoti darhol amalga oshirilishi mumkin, bu holda tadbirkor hatto ogohlantirilmaydi ham. Boshqa tekshiruvlar haqida tadbirkorga kamida bir kun(rejali tekshiruvda – 3 kun) oldin xabar beriladi.

Xabarda quyidagilar koʻrsatilishi lozim:

  • Tekshirish oʻtkazish haqidagi buyruq rekvizitlari;
  • Tekshirish predmeti va turi(hujjatli yoki sayyor), uni oʻtkazish manzili va muddati;
  • Tekshirish predmeti boʻyicha hujjat va maʼlumotlarni tayyorlash toʻgʻrisida talabnoma.

Tekshirish qanday oʻtkaziladi

Hujjatli tekshirish toʻliq idora hududida oʻtkaziladi. Tekshiriladigan shaxsga hujjatlar roʻyxati taqdim etiladi, ularning nusxalari 10 kun muddatda tekshiruvchiga taqdim etilishi kerak.

Agar tadbirkor baʼzi sabablarga koʻra talab qilingan hujjatlar va boshqa maʼlumotlarni taqdim etolmasa, belgilangan muddatda sabablari koʻrsatilgan yozma tushuntirish xati berishi kerak.

Sayyor inspeksiya inspektor tomonidan korxona(doʻkon)ga kelib, guvohnomasi va tekshiruv haqidagi topshiriqni koʻrsatishi bilan boshlanadi. Hujjatlardagi barcha ism-shariflar, muddat va manzillar haqiqiyligini diqqat bilan tekshiring. Topshiriqda shuningdek, tekshirish oʻtkazish maqsadi va asosi koʻrsatilishi kerak.

Agar sayyor tekshirish rejali tusda boʻlsa, u faqat korxona rahbari yoki uning oʻrinbosari ishtirokida oʻtkazilishi kerak. Tekshirish koʻpi bilan 30 kunda yakunlanishi kerak. 
“Rosselxoznadzor” inspektori dastlab, tekshiriluvchiga savol bilan murojaat qilishi va javoblarni yozib olishi kerak boʻladi. Keyin maʼlumotlar hujjatlar bilan tasdiqlanishi kerak.

Agrar soha xodimlari yangidan ish boshlagan tadbirkorlarga “Rosselxoznadzor” inspektori bilan ochiq muloqot qilishni, barcha muammoli va “nozik” masalalarni ochib berishni maslahat berishadi, shunda tekshirishlar “chuqurlashmasdan” oʻtishi ehtimoli kattaroq boʻladi.

Masalan, mineral oʻgʻitlarga ruxsatnoma yoʻqligini, ulardan voz kechganligingizni asosli tushuntirib berishingiz, tekshiruvchini tuproq tarkibini tahlil qilishga ragʻbatlantirmaydi.

“Rosselxoznadzor” inspektori sayyor tekshirish davomida qoʻshimcha maʼlumotlar, hujjatlar va mahsulot namunalari soʻrashga haqqi bor. Tekshiruvchiga berilayotgan barcha namunalarga , albatta topshirish dalolatnomasi tuzilishi kerak.

Dastlabki rejali vizit odatda, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan ishlashni tashkillashtirish borasidagi tavsiyalar bilan yakunlanadi. Tekshirish yakunida inspektor ikki nusxada dalolatnoma tuzadi, xulosa beradi, tekshirishlar kitobida qayd qoldiradi.

Tekshirish dalolatnomasida barcha komissiya aʼzolari va oʻtkazilgan nazorat tadbirlari roʻyxati albatta koʻrsatilishi kerak.

Agar tekshiriluvchi tekshiruvchilarning xulosasidan norozi boʻlsa, yoki ular harakatida xatolik koʻrsa(masalan, vakolat doirasidan chiqishsa), dalolatnomani tasdiqlamasdan, raddiya rasmiylashtirish mumkin. U idora tomonidan bir oy mobaynida koʻrib chiqiladi.

“Rospotrebnadzor” faoliyati toʻgʻrisida esa, keyingi maqolalarimizdan birida alohida toʻxtalib oʻtamiz.

Оставьте комментарий