Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-maydagi “Hududlarda koʻp qavatli binolar qurilish ishlarini jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4718-sonli qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududlarida urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, aholining zamonaviy uy-joylarga boʻlgan ehtiyojini qondirish hamda qurilish-pudrat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida import qilinadigan yangi qurilish va maxsus texnikalar hamda yuk tashish transport vositalari bojxona toʻlovlaridan ozod etilishi belgilangan boʻlib, “Oʻzstandart” agentligiga import qilinadigan texnika va transport vositalarini sifat, isteʼmolchilar sogʻligi va hayoti hamda atrof-muhitga zarar yetkazishi xavfi nuqtai-nazaridan belgilangan talablarga muvofiqligi boʻyicha oʻtkaziladigan sinovlar ustidan tegishli nazoratni taʼminlash yuklatilgan. Ushbu qaror ijrosini taʼminlash maqsadida, Departamentning mutaxassislari qator sertifikatlashtirish idoralari (“UzTest” DUK, “MEGA TEST GROUP” MCHJ qoshidagi SI, “VECTOR GRAPHICS” MCHJ qoshidagi SI, “AUTOSERT” MCHJ qoshidagi SI, “NIPO STANDART” MCHJ qoshidagi SI, “PERSONA GRATA” MCHJ qoshidagi SI) tomonidan import qilinayotgan maxsus texnika vositalariga rasmiylashtirilgan muvofiqlik sertifikatlari oʻrganildi.
Oʻrganishlarda muvofiqlik sertifikatlari ayrim hollarda tegishli koʻrsatkichlar toʻliq tekshirilmasdan rasmiylashtirilganligi aniqlandi.
Ushbu holatlar Oʻzbekiston Respublikasining “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi va “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunlarning qator moddalari va amaldagi “Mahsulotlarni sertifikatlashtirish qoidalari”ning talablari buzilishiga sabab boʻlmoqda.
Kamchiliklarga yoʻl qoʻygan sertifikatlashtirish idoralariga qonun buzilish holatlarini oldini olish maqsadida, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan 10 kun ichida Departamentga maʼlumot kiritish toʻgʻrisida koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek belgilangan meʼyorlar buzilishiga yoʻl qoʻygan sertifikatlashtirish idoralari toʻgʻrisida “Akkreditatsiya markazi” DUKga maʼlumot kiritildi.