QORAQALPOGʻISTONGA SAFAR MAZMUNLI OʻTDI

Avval xabar qilganimizdek, Departament mutaxassislari hududlarda tashkil etilayotgan sanoat klasterlarida boʻlishib, sohaga tegishli masalalarda tadbirkorlarga bevosita joyida koʻmak berishmoqda. Oʻtgan hafta adogʻida ham bir guruh mutaxassislarimiz Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq va Boʻzatov tumanlarida tashkil etilayotgan sanoat klasterlari zanjiriga kiruvchi korxonalar vakillari bilan uchrashib, seminar oʻtkazishdi. Seminarda korxonalarga tegishli standart va texnik reglamentlar tarqatilishi bilan birga, ularni joriy qilish, sifat va raqobatbardoshlilikni taʼminlash, bu jarayonda sinov va sertifikatlashtirish amaliyotlarini tashkil qilish va nihoyat tayyor mahsulotni eksportga yoʻnaltirish masalalarda zarur tushunchalar berildi. Erkin muloqot tarzida tashkil etilgan tadbir qizgʻin muhokamalar bilan oʻtdi.

Seminardan keyin mutaxassislar Moʻynoq tumanidagi “Muynaq akva sanoat” va Boʻzatov tumanidagi “Boztex” korxonalarida bevosita ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishib, tayyor mahsulot sifati va raqobatbardoshligini taʼminlash yuzasidan fikr almashishdi.

Mutaxassislarimiz shuningdek, Boʻzatov tuman yoshlar markazida tashkil etilgan uchrashuvda ham ishtirok etishib, yoshlarga standartlashtirish va boshqa turdosh sohalarning iqtisodiyotda tutgan oʻrni va istiqbollari toʻgʻrisida oddiy tilda va maroqli soʻzlab berishib, yoshlarni ushbu sohani chuqur oʻrganishga, yaxshi mutaxassis boʻlib yetishib, mamlakat rivojiga hissa qoʻshishga daʼvat qilishdi.