SIFATSIZ KOʻMIR SAVDOSIGA CHEK QOʻYILDI

Departament mutaxassislari yurtimizning barcha hududlarida sifatsiz va standart talablariga nomuvofiq boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarilishi va aholiga sotilishining oldini olish boʻyicha oʻrganishlar olib borishmoqda.

Yaqinda Departamentning Navoiy viloyati mutaxassislari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini oʻrganish boʻyicha maxsus ishchi guruh tarkibida “Oʻzbekkoʻmir” AJning Karmana koʻmir omborida koʻmir briketlari ishlab chiqarilishi va saqlanishi bilan tanishishdi. Bu haqda viloyat “Doʻstlik bayrogʻi” gazetasi xabar qilmoqda.

Oʻrganishlar davomida ombordagi koʻmirning qariyb 60 foizi ezilganligi va ochiq holatda saqlanayotganligi, ishlab chiqarilayotgan briketlar OZ DST2994:2015 davlat standarti talablariga nomuvofiq ekanligi maʼlum boʻldi.

Oʻrganishlar yakunida standart talabiga javob bermaydigan mahsulot sotuvdan oldirildi.

Departament mutaxassislari shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Sanitariya- epidemiologiya nazorati boshqarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi vakillaridan tuzilgan ishchi guruhi tarkibida Toshkent shahri (4 ta) hamda Toshkent viloyati (bitta)da joylashgan metall prokati ishlab chiqaruvchi korxonalarda oʻtkazilgan oʻrganishlarda ishtirok etishdi.

Oʻrganishlar davomida ushbu korxonalarning barchasida sinov laboratoriyalari boʻlmaganligi holida, vakolatli laboratoriya bilan ham sifat sinovlari oʻtkazish toʻgʻrisida shartnoma ham tuzilmaganligi, mahsulot toʻpiga sifat guvohnomalari rasmiylashtirilmaganligi aniqlandi.

Oʻrganishlar yakunida ushbu korxonalarga aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf qilish yuzasidan rasmiy koʻrsatmalar berildi.

Xuddi shunday ishchi guruhi Navoiy viloyatida ham tashkil etilib, metal ishlab chiqarish korxonalari, qurilish tashkilotlari va metalsavdo doʻkonlarida mavjud holat bilan tanishishdi. Ushbu obektlarda armatura mahsulotlarini sifatini tekshirish uchun namunalar olinib, sinov laboratoriyasiga topshirildi.