PROFILAKTIKA NATIJALARI NAMOYON BOʻLMOQDA

“Oʻzstandart” agentligi huzuridagi Departament mutaxassislari qariyb ikki yildan buyon korxonalarda boʻlishib, zamonaviy standartlarning joriy qilinishi va ularga rioya etilishining naqadar muhimligi, ishlab chiqarilgan mahsulot va koʻrsatilayotgan xizmatlarning raqobatbardosh boʻlishida, eng muhimi sifat koʻrsatkichlarining taʼminlanishida muvofiqlik sertifikati mavjudligi va oʻlchov uskunalarining toʻgʻri ishlashi kafolatlanishi korxona rivojlanishining asosiy tamal toshi boʻlishi toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini izchil olib borishmoqda. Bunda shuni alohida taʼkidlash kerakki, asosiy etibor oʻrganishlarda aniqlangan kamchilik va nuqsonlar natijasi boʻyicha korxonaga nisbatan jarima va qonunchilikda belgilangan boshqa choralarni qoʻllash emas, balki ularda zamonaviy normativ hujjatlarni qoʻllash, ularga rioya qilish madaniyatini shakllantirishdan iborat boʻlmoqda. Mutaxassislarimiz korxonalarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish, sohaga doir zamonaviy talablarni birgalikda oʻrganish hamda yangi va xalqaro talablarga javob beradigan normativ hujjatlarni joriy etishda bevosita ishtirok etishmoqda.

Aytish mumkinki, Departament mutaxassislarining bu yoʻsindagi faoliyati oʻz natijalarini berishni boshladi. Soʻnggi oylar davomida oʻtkazilgan profilaktika tadbirlarida nafaqat mavjud standartlarni joriy qilish, balki jahon bozori talablariga muvofiq boʻlgan yangi standartlarni ishlab chiqarish lozimligi toʻgʻrisida takliflar ham tugʻilmoqda.

Masalan tadbirkorlar bilan birgalikda oʻtkazilgan sohaga doir zamonaviy talab va ehtiyojlarni oʻrganish va tadqiqotlar natijasida Andijon viloyatida 5 ta, Buxoro viloyatida 4 ta, Jizzax viloyatida 11 ta, Qashqadaryo viloyatida 9 ta, Namangan viloyatida 5 ta, Samarqand viloyatida 14 ta va boshqa hududlarda 21 ta yangi normativ hujjatlar ishlab chiqilishi zarurati aniqlandi va tegishli vazirlik va texnik qoʻmitalarga murojaat xatlari yuborildi.

Profilaktika va tadbirkorlarning ehtiyojlarini oʻrganish, ularga sohaga doir masalalarda bevosita koʻmak berish ishlari davom etmoqda.