YOGʻ-MOY MAHSULOTLARIGA YANGI TALABLAR BELGILANDI

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-noyabrdagi 724-sonli qarori bilan “Yogʻ-moy mahsulotlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi umumiy texnik reglamenti yangi tahrirda tasdiqlandi.

Ushbu umumiy texnik reglamentda yogʻ-moy mahsulotlari xavfsizligiga nisbatan qoʻyiladigan talablar, shu jumladan, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyenik normativlar, yogʻ-moy mahsulotlarini ishlab chiqarish, qadoqlash, tamgʻalash, saqlash, tashish, qaytarib olish va utilizatsiya qilish (qayta ishlash), muomalaga chiqarish, sotish, namuna olish, identifikatsiya qilish va muvofiqligini baholash hamda sinovdan oʻtkazish boʻyicha talablar koʻrsatib oʻtilgan.

Ushbu texnik reglament Bojxona Ittifoqi texnik reglamenti asosida tahlil qilinib, Ozuqaviy yogʻ-moy mahsulotlarida yogʻ kislotalari transizomerlarining ruxsat etilgan miqdori Mahsulotdagi yogʻ miqdoriga nisbatan koʻpi bilan 2 foiz belgilangan.

Texnik reglamentning 1-ilovasida texnik jihatdan tartibga solish obyektlari keltirilgan.

Reglament talablari sanoat usulida ishlab chiqarilmagan, shuningdek ozuqaviy boʻlmagan yogʻ-moy mahsulotlariga tatbiq etilmaydi, tabiiy xom glitserin va xoʻjalik sovuni bundan mustasno.

“Yogʻ-moy mahsulotlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi umumiy texnik reglament 2021-yil 17-fevraldan kuchga kiradi.