TAʼSIR CHORALARI QOʻLLANILDI

Maʼlumki, mamlakatimizda tadbirkorlarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, ularning vaqtini tejash maqsadida, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sertifikatlashtirish arizalarini “Yagona darcha” (singlewindow) axborot tizimi orqali topshirish tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Yaqinda Departamentning Sertifikatlashtirish qoidalariga rioya qilinishi ustidan davlat nazorati boʻlimi mutaxassislari muvofiqlikni baholash organlari tomonidan ushbu arizalarning koʻrib chiqilishini oʻrganishdi.

Oʻrganishlarda aksariyat muvofiqlikni baholash organlarida amalga kiritilgan ushbu amaliyotni toʻgʻri tushunishib, tadbirkorlardan tushgan arizalar belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilayotganligi, zarur hollarda ularga aniqlangan juzʼiy nuqsonlarni bartaraf etish yuzasidan muayyan koʻmak koʻrsatilayotganligi maʼlum boʻldi.

Biroq shu bilan birga baʼzii muvofiqlikni baholash organlarida arizalar belgilangan muddatlarda koʻrilmaganligi, sansalorlik va masʼuliyatsizlik holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.

Jumladan, “UEMSSOM” MCHJ, “FAYZ MEBEL STANDART” MCHJ hamda “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat Markazi” DUK sertifikatlashtirish idoralari faoliyatida “Mahsulotlarni sertifikatlashtirish qoidalari”ning 17 va 22 bandlari talablariga zid holda tadbirkorlik subyektlaridan tushgan arizalarni koʻrib chiqish va sertifikatlashtirish amaliyotlarini oʻtkazish muddatlariga rioya qilinmagan.

Natijada ushbu idoralarning besh nafar masʼul rahbarlariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda sud orqali taʼsir choralari qoʻllanildi.