“ORGANIK VA ORGANIK-MINERAL OʻGʻITLARNING XAVFSIZLIGI TUGʻRISIDA”GI UMUMIY TEXNIK REGLAMENT TASDIQLANDI.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-noyabrdagi 729-sonli qarori bilan organik va organik-mineral oʻgʻitlarning xavfsizligiga, ishlab chiqarish, tamgʻalash, qadoqlash, tashish, saqlash, yoʻq qilish, qayta ishlash hamda sotishga qoʻyiladigan talablarni nazarda tutuvchi “Organik va organik-mineral oʻgʻitlarning xavfsizligi toʻgʻrisida”gi umumiy texnik reglament tasdiqlandi. Ushbu reglament 2022-yil 1-maydan eʼtiboran amalga kiritiladi.

Texnik reglament talablariga rioya qilish ustidan davlat nazoratini Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, shuningdek, boshqa maxsus vakolatli davlat organlari oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradi.

“Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga muvofiq texnik reglamentlarning amalga kiritilishi bilan ularda koʻrsatilgan mahsulotlar va xizmatlarni standartlash boʻyicha ilgari qabul qilingan normativ hujjatlar majburiylik tusini yoʻqotadi va qoʻllanilishida ixtiyoriylik kasb etadi.