“KORXONABAY” ISHLASH BIRGALIKDA AMALGA OSHIRILMOQDA

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yaqinda Sirdaryo viloyatining investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Joriy yil uchun viloyatda 737 ta loyiha shakllantirilgan. Ularning umumiy qiymati 25 trillion 500 milliard soʻm boʻlib, shundan qariyb 900 million dollarini xorijiy investitsiyalar tashkil etadi. Loyihalar natijasida yiliga 11 trillion soʻmlik ishlab chiqarish quvvati, qariyb 36 ming ish oʻrni yaratish maqsad qilingan. Yana bir muhim jihati shundaki, yangi korxonalar 326 million dollarga eksport qilish, 124 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Loyihalarni shakllantirishda toʻqimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati “drayver” sifatida belgilab olingan.

“Oʻzstandart” agentligi huzuridagi Departament, “UzTest” DUK Sirdaryo filiali va “OʻzMMI” Sirdaryo filiali mutaxassislari sohaga doir muammolarni joyida, birgalikda hal etish maqsadida ushbu loyihalarga kiritilgan korxonalarda uchrashuvlar tashkil etishmoqda.

Navbatdagi uchrashuvlar Sirdaryo tumanidagi farmatsevtika, tibbiyot va oziq-ovqat sohalari uchun zamonaviy shisha idishlar ishlab chiqarish moʻljallanayotgan “SIRDARYO GLASS” MCHJ va polipropilen qoplar tayyorlashga ixtisoslashgan “SIRDARYO MEGA LUKS” MCHJ QKda oʻtkazildi. Uchrashuvda ushbu korxonalar mutaxassislari bilan xalqaro standartlarni oʻzlashtirish, mahsulotlarni sertifikatlashtirish, sifatni boshqarish tizimlarini joriy qilish va oʻlchov vositalarini qiyoslash koʻrigidan oʻtkazish yoʻnalishlarida batafsil tushunchalar berildi va birgalikda amalga oshiriladigan muayyan ishlar belgilab olindi.