Navoiyda Xalqaro metrologiya kuni keng nishonlandi

Maʼlumki, xalqaro metrologiya kuni 1875-yil 20-may kuni 17 davlat diplomatik vakillari qabul qilgan Metrologik konvensiya bilan bogʻliq. Ushbu konvensiyaga muvofiq, fan-texnika, savdo-sotiqning yana-da rivojlanishini taʼminlash maqsadida asosiy oʻlchov birliklarini jahon boʻyicha yagona birliklarda hisoblanishiga kelishib olinadi. XX asr adogʻiga kelib, yaʼni 1999-yilda Xalqaro oʻlchov va tarozilar qoʻmitasi tomonidan ushbu konvensiyaning jahon taraqqiyotiga qoʻshgan hissasini hisobga olib ushbu sana – 20-may kuni xalqaro metrologiya kuni deb eʼlon qilindi va butunjahon jamoatchiligi tomonida keng nishonlanib kelinmoqda. Bu kunda sohaga doir dolzarb mavzularda ilmiy-amaliy anjumanlar, konferensiyalar, seminarlar oʻtkaziladi, vazifalar belgilanadi. Shu bilan birga har yili metrologlar yilning eng dolzarb mavzusini tanlab, shior etib belgilashadi. Joriy yilning shiori esa “Oʻlchovlar salomatlik uchun”, deb qabul qilingan.

“Oʻzstandart” agentligi Navoiy viloyati hududiy tashkilotlari binosi bu kunda juda gavjum boʻldi. Bu yerga viloyatdagi korxonalar metrologlari taklif etilib, oʻquv seminari oʻtkazildi. Sohadagi tajribali mutaxassislar tabriklanib, hurmat bajo keltirildi.

Yigʻilishda shuningdek Butunjahon metrologlarining bu yildagi shiori “Oʻlchovlar salomatlik uchun” deb qabul qilinganligi hisobga olinib, tibbiyot muassasalaridagi uskunalarni metrologik qiyoslov koʻrigidan oʻtkazishning ahamiyati, bu sohada oʻlchovlar noaniqligi oqibati ayanchli boʻlishi mumkinligi taʼkidlandi.

Mutaxassislar shuningdek Navoiy konchilik institutining metrologiya yoʻnalishidagi talabalari bilan ham uchrashib, metrologiyaning jamiyat va iqtisodiyotda tutgan oʻrni haqida muloqot qilishdi.

Navoiyda Butunjahon metrologiya kuni tadbirlari viloyat MTRKda tashkil etilgan jonli efirdagi “Assalom yangi kun” telekoʻrsatuvi bilan yakunlandi.

Shuningdek, agentlik hududiy tashkilotlari va viloyatdagi ilgʻor korxonalarning oʻzaro hamkorligi samaralariga bagʻishlab media-tur oʻtkazildi. Unda OAV vakillari Xatirchi tumanida joylashgan “ASYA SERA NAVOIY” qoʻshma korxonasiga tegishli issiqxona va “XATIRCHI TEXTILE” MCHJda boʻlishib, zamonaviy ish tajribalari bilan tanishishdi.