O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 iyundagi “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF–6240-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga (keyingi o‘rinlarda – Texnik jihatdan tartibga solish agentligi) quyidagi qo‘shimcha vakolatlar berilsin:

mutasaddi idoralar tomonidan xalqaro standartlar va texnik reglamentlarning jadal joriy etilishini muvofiqlashtirib borish;

mahsulotlarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida va texnik reglamentlarda belgilangan majburiy talablarni buzganlikda aybdor bo‘lgan tayyorlovchilar (ishlab chiqaruvchilar), sotuvchilar va ijrochilarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash bo‘yicha sudga murojaat qilish;

korxonalarda texnik reglament va standartlar talablariga rioya etmaganlik uchun korxona va tarmoq rahbarlariga taqdimnomalar kiritish;

texnik reglamentlar, standartlar va qonunchilikda belgilangan majburiy talablarga nomuvofiq deb topilgan mahsulotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umumlashtirish va reyestrini yuritish.

2. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Hududlarda sanoat tarmoqlari kesimida 2021-2022 yillarda tashkil etiladigan sinov laboratoriyalari manzilli ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq;

Tarmoqlar va mahalliy korxonalarda standartlashtirish, mahsulot sifatini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar va hisobotlarni eshitib borish sxemasi 4.1 va 4.2-ilovalarga muvofiq;

Tarmoqlar va sanoat korxonalarida 2021-2022 yillarda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va metrologiya sohalarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning malakasini oshirish reja-jadvali 5-ilovaga muvofiq;

Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash, akkreditatsiya va metrologiya sohasini rivojlantirishning asosiy indikatorlari ro‘yxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Sanoat tarmoqlari rahbarlari mazkur qarorning 3 va 4.1-ilovalarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning bajarilishi yuzasidan hisobotlarni har oyda Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasiga (keyingi o‘rinlarda – Hukumat komissiyasi) kiritib borsin.

Hukumat komissiyasi mazkur qarorning 6-ilovasida keltirilgan texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash, akkreditatsiya va metrologiya sohasini rivojlantirishning asosiy indikatorlari ro‘yxati bo‘yicha har yillik ko‘rsatkichlarni tasdiqlasin va ijrosi yuzasidan Texnik jihatdan tartibga solish agentligining hisobotini eshitib borsin.

4. Investitsiyalar va tashqi savdo vaziriga:

zarur hollarda, Texnik jihatdan tartibga solish agentligining va uning tizimidagi boshqa tashkilotlarning tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish;

zarur hollarda, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qo‘shimcha shtat birliklarini ajratish;

mehnat bozorining amaldagi kon’yunkturasini hisobga olgan holda, tor doiradagi mutaxassislarni shartnoma asosida Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga ishga jalb etish huquqi berilsin.

5. Belgilansinki:

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi “O‘zstandart” agentligining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida davlat nazorati departamenti xodimlari mehnatga haq to‘lash shart-sharoitlariga ko‘ra Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi markaziy apparati xodimlariga tenglashtiriladi;

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktori Vazirlar Mahkamasi tomonidan investitsiyalar va tashqi savdo vazirining taqdimnomasiga asosan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktori o‘rinbosarlari hamda uning tarkibidagi tizim tashkilotlari rahbarlari agentlik bosh direktori taqdimnomasiga asosan investitsiyalar va tashqi savdo vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktori maqomi‚ mehnatga haq to‘lash‚ moddiy rag‘batlantirish‚ tibbiy va transport xizmat ko‘rsatish shartlari bo‘yicha vazirning birinchi o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘rindoshlik asosida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xodimini tayinlashga ruxsat etiladi;

texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilganligi uchun moliyaviy va ma’muriy jarimalar Texnik jihatdan tartibga solish agentligining maxsus jamg‘armasiga to‘liq o‘tkaziladi va ushbu mablag‘larning 50 foizdaн kam bo‘lmagan qismi mahalliy korxonalar tomonidan xalqaro standartlarni xarid qilish va joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun yo‘naltiriladi.

6. Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish faoliyatiga xalqaro tajribaga asoslangan holda ixtiyoriy tus berish va tartibotini soddalashtirish maqsadida:

akkreditatsiyadan o‘tishga buyurtma berishda sinov laboratoriyalarining akkreditatsiya sohasiga tashqi ko‘rik tavsiflarini (instrumental va organoleptik tahlillardan tashqari) kiritishi talabi bekor qilinadi;

muvofiqlikni baholash organlari xodimlarini sifat bo‘yicha ekspert-auditorlikka attestatsiyadan o‘tkazish va sertifikatlashtirish majburiy talablari bekor qilinadi;

qonunchilik hujjatlarida muvofiqlikni baholash xizmatlarini ko‘rsatish uchun yagona idoralarni belgilashga (mudofaa va davlat xavfsizligini ta’minlash maqsadlaridan tashqari) yo‘l qo‘yilmaydi.

7. Quyidagilarga:

Standartlar institutiga xalqaro standartlashtirish tashkilotlari va xorijiy davlatlarning standartlashtirish idoralarining qoidalari va shartnomalariga muvofiq, xalqaro va xorijiy davlatlar standartlarini respublikada tarqatishga va ushbu tashkilotlarga badallarni to‘lab berishga;

Standartlar instituti va Milliy metrologiya institutiga ilmiy-texnik loyihalar rahbarligiga ilmiy darajaga ega xodimlarni (fan nomzodlari, falsafa doktorlari (PhD), fan doktorlari (DSc) fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida jalb etishga ruxsat berilsin.

8. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining standartlashtirish, muvofiqlikni baholash, akkreditatsiya va metrologiya sohasida faoliyat yurituvchi xodimlarga oylik ish haqi to‘lanishida, tegishli yo‘nalish bo‘yicha 7-ilovada keltirilgan xalqaro va xorijiy tashkilotlarning bilim darajasini tasdiqlovchi sertifikatiga ega bo‘lganda uning amal qilishi davrida, biroq 2 yildan ko‘p bo‘lmagan muddat davomida, oylik maoshiga nisbatan – 20 foiz, ekspert sifatida ro‘yxatga olinganda oylik maoshiga nisbatan – 40 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama haq to‘lash tizimini joriy etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan xarid qilinadigan etalonlar ro‘yxati 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Moliya vazirligi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda mazkur qarorning 8-ilovasida qayd etilgan yillarda etalonlar va yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalarini xarid qilish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni nazarda tutsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda 2022 yil 1 yanvarga qadar standartlarning yalpi ichki mahsulot o‘sishiga va tashqi savdo aylanmasiga ijobiy ta’sirini baholash bo‘yicha uslubiy qo‘llanmani xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda ishlab chiqsin.

11. O‘zbekiston Respublikasining yillik investitsiya dasturlarini shakllantirishda, respublikada sinov imkoniyatlari mavjud bo‘lmagan yo‘nalishlar bo‘yicha, o‘zlashtirilayotgan yangi mahsulotlarning xalqaro talablarga muvofiqligini tasdiqlashni ta’minlaydigan sinov laboratoriyalarini tashkil etishni investitsiya loyihalari doirasida yoki alohida loyiha sifatida inobatga olish amaliyoti joriy etilsin.

12. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi:

a) 2021 yil 1 avgustga qadar standartlashtirish sohasidagi normativ hujjatlarni xalqaro standartlar bilan yangilashni to‘liq yakunlasin. Bunda, ishlab chiqarish korxonalariga 2023 yil 1 yanvarga qadar yangi standartlarga o‘tish muddati belgilansin va amaldagi standartlardan foydalanishga ruxsat berilsin;

b) 2021 yil 1 noyabrga qadar inson omilini kamaytirish maqsadida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali to‘liq avtomatlashtirish choralarini ko‘rsin;

v) xorijiy davlatlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasida faoliyat olib boruvchi yetakchi tashkilotlarida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va uning tizim tashkilotlari mutaxassislarini o‘qitish va malakasini oshirib borish bo‘yicha samarali tizimni joriy etsin;

g) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi to‘g‘risidagi va Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida davlat nazorati departamenti to‘g‘risidagi nizom loyihalarini;

O‘zbekiston Respublikasining “Mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi, “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi va “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi amaldagi qonunlari normalarini o‘z ichiga oluvchi yangi “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini, shuningdek, yangi tahrirdagi “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi va “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini kiritsin;

d) sanoat tarmoqlarida tashkil etiladigan laboratoriyalarni xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazishga ko‘maklashsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 9-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

14. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                 Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021 yil 2 iyun