Nashrlar

“Standart talablariga rioya qilish-raqobatbardoshlik garovi”

Odatda biz standart degan soʻzni koʻp ishlatamiz. Yoki matbuotda, turli-tuman reklama unsurlarida “jahon standartlariga muvofiq” jumlalariga koʻzimiz tushadi yoki qulogʻimizga chalinadi. Xoʻsh, standart oʻzi nima? U nimani anglatadi? Standart soʻzi inglizcha “Standart” soʻzidan olingan boʻlib, meʼyor, oʻlcham, andoza degan maʼnolarni bildiradi va odatda norma, normativ, meʼyoriy hujjat nomlari bilan ham yuritiladi. Rasmiy taʼrifi esa quyidagicha: standart – bu koʻpchilik manfaatdor tomonlar kelishuvi asosida ishlab chiqilgan va maʼlum sohalarda eng maqbul darajali tartiblashtirishga yoʻnaltirilgan hamda faoliyatning har bir turiga yoki natijalariga tegishli boʻlgan umumiy va takror qoʻllaniladigan qoidalar, umumiy qonun – qoidalar, tavsiflar, talablar va usullar belgilangan va vakolatli idora tomonidan tasdiqlangan meʼyoriy hujjatdir.

Tushunarlimi? Unchalikmas, toʻgʻrimi, oʻzi kerakmi bizga shu taʼrifi ham, qoidalari ham tushunarsiz boʻlgan meʼyoriy hujjat?! Keling, ushbu taʼrifni oddiy tilda mushohada qilib koʻraylik. Buning uchun dastlab qadim oʻtgan zamon, ibtidoiy jamoa tuzumida umrguzaronlik qilgan ajdodlarimiz hayotiga bir nazar tashlaylik.

Asosan tabiat neʼmatlarini yigʻib-terib va ovchilik bilan kun koʻrgan kishilar hayoti juda ogʻir kechgan. Aytaylik ovchilik qilish uchun dastlab yirtqich hayvonni tosh otib tutmoqchi boʻlgan kishilarning qanchasi oʻsha yirtqichning qurboni boʻlishgan. Ushbu tengsiz jangdan kelib chiqadigan dastlabki xulosa — yirtqichga yem boʻlmaslik uchun masofa saqlanishi kerakligi, uni inson irgʻitishi mumkin boʻlgan oddiy tosh bilan yengib boʻlmasligi ibtidoiy odamni yirtqichni mavf qilishning boshqa yoʻllarini qidirishga majbur qilgan. Shu tariqa fikrlash asnosida nayza va kamon kashf qilingan. Nayza va kamon yasaladigan materiallar pishiqligi, uzunligi, oʻtkirligi va albatta ularni koʻplab miqdorda ishlab chiqarish zaruriyati ularga maʼlum talablarning shakllanishiga turtki boʻlgan. Ushbu talablarni esa, oʻz zamonining dastlabki standartlari deyishimiz mumkin. Yillar, asrlar oʻtishi jarayonida fan-texnika rivojlanib, ishlab chiqarish koʻpayib, raqobat paydo boʻldi. Inson sogʻligi va hayotiga, atrof-muhitga xavfli boʻlgan ishlab chiqarish va mahsulotlar paydo boʻla boshladi. Va shu asnoda standartlarni davlat miqyosida tartiblash, ularga rioya qilinishini nazorat qilish, mahsulotlarning maʼlum standartlarga muvofiqligini kafolatlash(sertifikatlashtirish)ga, inson sogʻligi, hayoti va atrof-muhitni himoyalashga ehtiyoj tugʻildi. Demak standartlar fan, texnika va tajribalarning umumlashtirilgan natijalariga asoslanishi va jamiyat uchun foyda keltirishga yoʻnaltirilgan boʻlishi kerak.

Mamlakatimizda ham ushbu munosabatlarni tartiblash uchun standartlashtirish tizimi yaratilgan. Bu tizim yangi buyumga dastlab loyiha – konstruktorlik hujjatlarini yaratish, mahsulotlarni belgilangan sifat koʻrsatkichlariga asosan tayyorlash va zarur boʻlganda uni ishlab chiqarishni toʻxtatish shartlarini belgilaydi.

Standartlashtirish shuningdek, mahsulot muomalada boʻlganida, yaʼni uni ishlab chiqarish, oʻrov idishiga joylash, yuklab tashish, omborlarda sifatli saqlash va sotish bosqichlarida maqbul tartib va sharoitlar yaratish talablarini ham oʻz ichiga oladi.

Standart oddiy til bilan aytganda, ishlab chiqaruvchi(xizmat koʻrsatuvchi)ga mijoz ehtiyojini qondirish va raqobatchilariga munosib javob berish uchun qoʻyilgan qatʼiy tartiblangan talablardan iborat.

Biz, mijoz sifatida doʻkondan nimaiki, xarid qilar ekanmiz, albatta ushbu mahsulotning standart talablariga muvofiqligi, yaʼni muvofiqlik sertifikati mavjudligi bilan qiziqishimiz zarur. Bu bilan biz oʻz mablagʻimiz, asab va vaqtimizni tejash bilan birga, maʼlum maʼnoda jamoatchilik nazoratini ham amalga oshirgan boʻlamiz. Biz xaridor(isteʼmolchi) sifatida oʻz talabimiz bilan xizmat koʻrsatuvchi korxonani ham ishlab chiqaruvchidan sifatli, standart talablariga muvofiq mahsulot olishga undaymiz.

Shu bois koʻplab oʻzini hurmat qiluvchi, bozorda tanilgan korxonalar oʻz savdo belgilari – brend(logotip)larini ishlab chiqishadi va qadrlashadi.

Endi shu oʻrinda xizmat koʻrsatish standartlariga ham toʻxtalib oʻtsak. Bizning bilganimiz faqat shuki, ular(xizmat koʻrsatuvchilar) mijoz bilan xushmuomalada boʻlishlari kerak. Hozirda koʻplab xizmat koʻrsatish korxonalari mijozlarni jalb qilish, raqobatga bardosh berish maqsadida xodimlari uchun xulq-atvor standartlarini ishlab chiqishmoqda.

Koʻpchilikka maʼlum, biror yangi doʻkon, restoran yoki kafe ochilganda xodimlari juda xushmuomala, odobli, xizmatlari ham shunga yarasha boʻladi, vaqt oʻtishi bilan esa “koʻp qatori”ga aylanishadi. Odatda ularning aksariyatida xodimlar qoʻnimsizligi ham juda yuqori boʻladi. Shu bois yuqorida taʼkidlaganimdek, mijozlarni saqlab qolish uchun xulq-atvor standartlari rasm boʻlmoqda. Xodimlar mijoz bilan muomalada kutilmagan vaziyatga tushib qolmasligi uchun, ushbu vaziyatlar, namunaviy ish tajribalari oʻrganiladi, umumlashtiriladi, mijozni xafa qilmaslik, shu bilan birga korxona manfaatlariga zarar yetkazmaslik koʻnikmalari ushbu standartlarda batafsil yoziladi va xodimlarda shakllantiriladi. Buning uchun esa, yaʼni koʻnikma hosil qilish uchun koʻplab mashq qilish kerak boʻladi. Hozirda yurtimizdagi yirik doʻkonlarda ushbu masalalarga ham eʼtibor berilmoqda. Toʻgʻri, ularda narx-navo biroz yuqori boʻlishi mumkin, biroq mahsulot va xizmat sifati kafolati koʻpchilik xaridorlarni ular bilan hamkorlik qilishga undaydi.