D. Sattarov – “Yoshlarning fikri men uchun juda muhim”
O’zTTSA Bosh direktori Sattarov Dilshod Nematovich Davlat nazorati departamentining iqtidorli yoshlari bilan uchrashdi. Yoshlar va rahbar o’rtasida ochiq va samimiy suhbat bo’lib o’tdi. Uchrashuv avvalida rahbar barcha yoshlar bilan yaqindan tanishdi va ularning vazifalari haqida ma’lumotga ega bo’ldi.
Rahbar yoshlarga bugungi kundagi berilgan imkoniyatlarning cheki yo’qligi va bundan unumli foydalanish kerakligini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, til o’rganish juda muhim va soha doirasida Yevropa tajribalaridan bilimlarga ega bo’lish, ularni amalda qo’llash yoshlarga kelajakda juda yuqori marralarni egallashga asos bo’lishini aytildi.
Qiziqarli o’tgan muloqotda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar negizida o’sib kelayotgan yoshlar taqdiri mujassamligi, shu bois yurt koriga yaraydigan insonlar bo’lib shakllanish, ustuvor maqsadlar sari dadil borish har bir yoshning oldidagi muqaddas burchi ekani to’g’risida so’z yuritildi.
Bosh direktor yoshlarga hayotiy misollar bilan maslahat va tavsiyalar berib, ularning soha doirasidagi hamda uni rivojlantirishga bo’lgan xohish-istaklari borasidagi savollariga atroflicha javob berdi. Suhbat davomida mutaxassislar o’zlarini qiziqtirgan savollariga yetarlicha javob olishdi.
D. Sattarov yoshlardan bugungi kundagi ularni erkin faoliyat olib borishiga to’sqinlik qilayotgan muammo va kamchiliklari haqida so’radi.
Ochiq-oshkora, muloqot tarzida o’tgan uchrashuvda yoshlar erishayotgan yutuqlari, o‘zlarini qiynayotgan turli muammo va masalalar yuzasidan erkin fikr bildirdi. Ularning taklif, tashabbus va muammolari o’rganilib, ijobiy hal etish bo’yicha zarur choralar belgilandi.
O’zTTSA Davlat nazorati departamenti matbuot xizmati